Parallel Muhit

Turmushdan ajrimgacha: tanimaslik sizga qanchaga tushadi?

Yorilgan tuxum ustida ikki figurali oltin uzuk
Aziz Rahimov ~25 daqiqa o'qish 8 ta insho

"Tanimagan ekanman, asli boshqa ekan" so'zlarini ajrashish oldidan ko'p aytishadi.

Asli jufti haqidagi bilmaganlarining birortasi tashqi emasdi, ko'rib bo'lmaydigan nuqtalarda edi va hamma muammolar shu yerdan boshlandi.

Kelishmovchiliklar asosi esa shu 4 nuqtada kesishadi: dunyoqarashi, tashqi hakamlar, kutilmalar, darajalar o'rtasidagi tafovutda.

Bu sahifada shular haqida gaplashamiz.

Muallif — ustozimiz Aziz Rahimov.

140+ insho orasidan turmush haqida yozilganlari to'plab chiqildi.

Natijada 8 ta insho chiqdi. 25 daqiqa vaqtingizni olaman, balki yillab umringiz va asabingiz tejalib qolar degan umiddaman.

#23 · Markaziy insho

Turmush qurishdagi to'rt kuzatuv

17.03.2025

Bir guruh talabalar bilan uchrashuvda o'tirgan edim. Qiziq savol berib qolishdi. "Qanday odam bilan turmush qurish kerak?" Javob berishdan qochishga harakat qildim-u, o'ylab qoldim. 20 yoshlik paytlarimda men ham shunday maslahatga muhtoj edim. O'shalardan ba'zilariga amal qilib, yutqazmadim deb o'ylayman.

Bugun kimga uylanish yoki kimga turmushga chiqish haqida maslahatlar bo'lmaydi. Zero bu maslahatlarni insho muallifidan emas, hikmatli bobo-buvilarimizdan olgan yaxshi. Bugun turmush qurishdagi kuzatuvlarim haqida gaplashamiz.

Kuzatuv #1 — Dunyoqarash

O'zimizning fikrimizni o'zgartirishga qiynalamiz-ku, boshqalar fikrini o'zgartira olamiz deb o'ylaymiz. Mana shu illyuziya (sarob) bilan turmush ham quramiz. "O'zgarib qolar." Yaxshi ko'rgan ovqatimiz, mualliflarimiz, seriallarimiz haqida fikrimiz oson o'zgaraveradi. Bular shaxsiyatdan yiroq. Statusga bog'lanmagan fikrlar.

Dinga, oilaga, siyosatga, rahbarlarga, pulga, mehnatga bo'lgan qarashlarni o'zgartirish qiyinroq. Bular haqidagi fikrning o'zgarishi o'zini xo'rlangan his qilish bilan kechadi.

Dunyoqarashlari tushmaydigan odam bilan turmush qurib qiynalganlarni ko'p ko'rdim. Bittasi faqat sayohat-u dam olishlarni xohlasa, ikkinchisi uyim-joyim desa, bu oilani uzoq muddatda muvaffaqiyatini ko'rish qiyin. Biri pul yig'ib o'z ishini ochmoqchi bo'lsa, ikkinchisi yig'ishdan emas, sarflashdan maza qilsa, haftalik janjallar kafolat deyavering. Biri bolani o'qitaylik deydi, ikkinchisi chiqib ishlasin deydi. Nafaqat oila, farzandning ruhiyati ham mo'rt bo'lib qoladi.

Fikrdosh bo'lish, millatdosh bo'lishdan ustunroq bo'lib chiqyapti.

O'zbek bo'lib turib, Xudodan qo'rqish, katta oila, tejamkor ro'zg'or, konservativ siyosat, qattiq mehnat tarafdori bo'lsak, xuddi shuni xohlaydigan Yapon bilan ham baxtli yashab keta olamiz. Xudodan qo'rqmaslik, kichik oila, to'xtovsiz xarajat, liberal siyosat, minimal mehnat tarafdori bilan esa yashashga qiynalamiz. U odam qo'shnimizning qizi, tagi toza O'zbek bo'lsa ham.

Kuzatuv #2 — Hakam kim?

Hakamlar harakatlarimiz chegaralarini belgilab beradi. Bizga hukm o'quvchi tashqarida bo'lsa, u ketishi bilan o'z holimizga qaytamiz. Uzoq vaqt yolg'iz qolganlar, kim ekanliklarini ko'rib, o'zlari ham hayron qolgan bo'lsalar, ajab emas.

Hakam ichkaridan bo'lsa, u doimo biz bilan. Chegaralar ham doimiy.

Hakami tashqarida bo'lganlar bor. Ular odamlarga yoqishga harakat qilishadi. Yoqish uchun prinsiplar, harakatlar, fikrlar qurbon beriladi. Ichadiganlar bilan o'tirib qolsa, ichib qo'yadi. Bekorchilar bilan bo'lganda g'iybatga qo'shiladi, yomon ko'rinmaslik uchun yolg'on gapiradi.

Yigitlarga: tashqi belgilar

Hakami tashqarida bo'lgan qizlarning belgisi bor: qoshlarini terish, tor kiyinish, ko'p bo'yanish. Odam o'z qoshlarini ko'rmaydi. Terish og'ritadi. Tor kiyim noqulay bo'ladi. Uzoq bo'yanish vaqt oladi.

Bugun odamlarga yoqish uchun og'riq, noqulaylik, vaqt isrofiga rozi bo'layotganlar, kelajakda odamlarga yoqish uchun erga yoqishni qurbon qilib yuborishlari katta ehtimol.

O'z tengdoshlarimda ham xuddi shuni ko'rdim. Maktabimiz/Institutimiz havasida yuradigan qizlar bor edi. E'tibordan xursand bo'lishar edi chamamda. Hozir aksarlari bolalari bilan qizlik uylarida o'tirishibdi. Sinfning bir chekkasida borligi bilinmay yurgan qizlar esa, o'z oilalarida baxtni qurishyapti.

Tashqi belgilarga qarab xulosa qilaveramizmi? Odamning dili pok bo'lishi mumkin-ku? Mumkin. Bo'lmasligi ham mumkin. Ovqatim zaharli bo'lish ehtimoli 30% bo'lsa ham yemagan bo'lardim. Hayotimni zaharlash ham shunday. Axir Sakandariy hazratlari aytgandilar: tashqari ichkarining belgisi.

Kuzatuv #3 — Kutuvlar

Charlie Manger biznes borasida yuzlab maslahatlar bergandi. Turmush qurish haqida esa birgina maslahatiga ko'zim tushgan xolos. Deyarli yuz yil yashagan aqlli odamdan qanday maslahat chiqqan bo'lishi mumkin?

Hayotdan kutilmalari kam bo'lganlar bilan turmush quring.
— Charlie Manger

Kutuvlari katta bo'lgan odam doimo baxtsiz. Hayotida nima bo'lib turgan bo'lsa ham. Soat sovg'a qilasiz, u iPhone kutgandi. Samarqandga olib borasiz, u Istanbulni xohlagandi. Bir vaqtning o'zida sizdan modellardagi qomatni va o'zbeklardagi itoatni xohlaydi.

Kutuvlari katta odam baxtsiz bo'lar ekan, aybni sizdan ko'rib qolishi mumkin. Odam fikrini qiyin o'zgartiradi. Demak kutuvlari ham qiyin o'zgaradi. O'z kutuvlarini o'zgartirgandan, odamlar, nikohlarini o'zgartirishni ma'qul ko'rishyapti. Hayot tarzi o'sdi, yaxshiroq yashayapmiz, to'g'ri. Kutuvlarimiz esa yana ham o'sib ketdi. Yashab berishdan boshqasini qoyil qilmaganlar, mahr so'zining ma'nosini bilmaganlar, mahriga Gelentwagen so'rashni boshlashdi.

Amaliy maslahat

Dunyoqarashni bilish osondir. Hakamni esa tashqi ko'rinishiga qarab toparmiz. Kutuvlarni qayerdan bilamiz?

Kutuvlarimiz havas qiladigan odamlarimizdan keladi. Havas qiladigan odamlarini so'rash, kuzatadigan blogerlarini so'rash, kuzatish sababini so'rash — ichki dunyoga tashqaridan bir teshik bo'ladi. To'g'ri, bu teshik xona ichiga kalit tuynugidan qarashdek gap bo'ladi. Turmush qurishdek muhim mavzuda shu kichik ma'lumot ham yaxshi asqotadi.

Kuzatuv #4 — Daraja

Do'konda sotuvchi bo'lib ishlagan paytimda ikkita oila hayron qoldirardi. Ikkalovida ham ayoli eridan bo'yi baland edi. Notabiiy nikohdek tuyulardi menga. Ayollarida eridan uyalish, ularga mensimasdan qarashni ko'rardim go'yo. O'sha oilalar birga qolishmadi.

Ayol ancha baland bo'lgan nikohlar yoki erni mensimaslik yoki ajralish bilan tugaydi. Balandlik daromadda, bo'yda, nasabda, ilmda bo'lishi mumkin.

Ibn Ataulloh Sakandariy ham axloqi o'zingizdan pastlar bilan yurmaslikni tavsiya qiladilar. Yurmaslik muhim bo'lsa, turmush qurmaslik yanada muhimroq bo'ladi.

Qizlarimiz o'qiyotgan bo'lishsa, har tomonlama o'zlaridan ustun yigitga rozilik xavfsizroq ekanligini tushungan bo'lsalar kerak. Erkak ham homiy, ham ustoz bo'lgan oilalar uzoqqa borganini ko'rdim.

Yigitlarimiz esa o'zidan ustunroqlarni quvlash, yutqazish strategiyasi ekanligini tushungan bo'lsalar kerak. Yuzlab ota-onalar bilan ishlaymiz. Ba'zida amallab o'zidan ustun ayollarga uylanib olganlar bilan gaplashib qolaman. (Yoshlikda muhabbat nimalar qilmaydi-ya?) Erlarini mensimaslik ohanglaridan shundoqqina bilinib turadi.

Romantikaga yoshligini sarflagan tengdoshlarim bor edi. Gullar tashib yurishardi. Doimiy sms almashishar edi. O'n yil o'tdi. Nima bo'ldi? Aksarlari sochlari to'kilib, semirib ketishdi. Qizlar qaramay qo'ydi. Vaqtlari bekor ketgani uchun karyerani ham zo'r qila olishmadi. Ilm va romantika — suv va olov. Bittasi ikkinchisini yashashga qo'ymaydi.

Yoshlikda jimgina dars qilgan/ishni bosganlar esa, orzularidan ham ustunroq qizlarga uylanishdi. "To'xtang. Axir, ustunroq qizga uylanish xavfli edi-ku." Ha, faqat bir jihati bor. Bu yillar davomida ular ham o'sib borishdi.

Orzumizdagi qizga uylanish uchun, uning ortidan yugurilmaydi. Ustimizda ishlanadi. Ilmliroq, odobliroq, boyroq, mehnatkashroq bo'linadi. Shunda yugurishga hojat qolmaydi. O'zi keladi.
23-inshoning xulosasi

Turmush qurishdagi kuzatuvlarimiz shuni ko'rsatyapti: Nomzodimiz bilan dunyoqarashimiz bir xil bo'lsa, odamlar uchun tuslanmasa, hayotda harakati ko'p-u, lekin kutuvlari kam bo'lsa, darajamiz tushsa — baxtli bo'lmaslik uchun deyarli sabablar qolmaydi.

#140 · Tanlov disiplinasi

Bog'ga ro'yxat bilan kirish

27.04.2026

Boshqa qarorlarga kelganda esa tanlov ko'pligi yashashni kechiktirib yuboradi. Vaqtimiz tanlashga sarf bo'ladi.

Ayollar bilan ko'p gaplashish uylanishdagi tanlovni, erkaklar bilan ko'p gaplashish esa turmushga chiqishdagi tanlovni qiyinlashtirib yuboradi.

Yaqinda hamkasb tadbirkorlar bilan gaplashib qoldim. Hamkasbimizning jamoasida HR (xodimlar bo'limi rahbari) borligini, yoshlari o'ttizga qarab ketayotganini, hali ham turmushga chiqishmaganini aytib qoldi. Bundan oldingisi ham shunday bo'lgan ekan. Muallif tanigan HR rahbarlari ham shunday — turmush qurishi orqaga surilib ketadi.

HR bo'limining asosiy vazifasi — jamoa yig'ish. Buning uchun yuzlab odamlarni ko'rishadi. Yosh onalar aka-ukalarni bir-biriga hadeb solishtirgani kabi, nomzodlarni solishtirib o'tirishadi. Keyin shu usulni umr yo'ldosh tanlashga ham qo'llab qo'yishadi. Nailoj. Ko'p shug'ullangan ko'nikmamiz tabiatimizga aylanib qoladi.

Isboti yo'q g'oya

Turmush qurish kechikishi (ya'ni bitta tanlovda to'xtash) uchun xodim saralash xizmatida ishlashimiz shart emas. Instagram (yoki TikTok) ishlatishimiz kifoya.

Taxminlarimga ko'ra instagramni har yuz soat ishlatishimiz, bitta odamga rozi bo'lishimizni olti oyga kechiktirib yuboradi. Sababi oddiy. Instagram foydalanuvchilarini peshtaxtasi odamlar bo'lgan supermarketga olib kiradi.

Yechim ham shu ikki chegaraning o'rtasidan chiqadi. Oldindan talablarimizni aniq qilib olish. Talablarimizga javob beradigani chiqsa, rozi bo'lib, olish.

Adashmasam, dinimizda shunga yaqin maslahat ham bor. Kuyov bolaga talablar qo'ying (masalan, dindor), shu talabga javob beradigan yigit chiqsa, qizingizni bering. Bermasangiz, jamiyatda qiyinchilik tug'dirgan bo'lasiz.

Bog'ga ro'yxat bilan kirar ekanman, xohlaganimni olib chiqaman. Bog'ning ichida turli narsalar yaltirab qoladi — ular mening talabim emas. Olishim ham shart emas. Yaltirashning oxiri yo'q. Talabimga javob beradiganini olaman, ketaman.
#138 · Solishtirish tuzog'i

Chiroy va solishtirish tuzog'i

20.04.2026 · Yigitlarga atalgan qism

Ustozimizning bir gaplari esimda qolib ketgan: Yuz yilcha oldin yigitlar qiz bola bilan uchrashuvga chiqsa, bitta ko'rib, yoqtirib, uylanib ketavergan. Hozirgilar yigirmanchisida ham jizillamayapti.

Jizillamasligining sababi oddiy bo'lsa kerak. Uylanayotgan yigit, qo'li yetgan eng chiroyli qizga uylanishni xohlaydi. "Dindoriga uylan" maslahatiga hamma ham amal qilmaydi. Amal qilsa ham, chiroyli dindorni qidiradi. Demak, tanigan qizlari qancha ko'p bo'lsa, shuncha tanlashi qiyinlashib boradi.

Biror qizni chiroyli deyishi uchun ko'rganlarining 90% izidan ustunroq bo'lganini kutadi. Yuz yil oldingi yigitlar uylangunicha 20-30 ta qizni ko'rgan bo'lgan. Asosan o'zining qarindoshlari. Begona qizni ko'rganda solishtirishga nomzodlari ancha kam bo'lgan. Shu sababli ko'riboq ko'rinishi yoqib qolgan.

Hozirgilarda ijtimoiy tarmoqni hisoblamaganda ham, bu raqam o'n marta kattaroq. Natijada bo'ydoqlar uchrashgan qizlarining kam qismini chiroyli hisoblaydi. Sinfdoshlari, mahalladoshlari, maktab, universitet, ishxona, ijtimoiy tarmoqdagi hamma bilan solishtirish musobaqasini kamchilikkina yuta oladi.

Natijada fazilati bormi, yo'qmi, jamiyat chiroyli deb hisoblagan qizlarda o'nta sovchi. O'rtacha deb bilganlarda to'rtta sovchi. Sovchilarni pashshadek haydaydigan (tibbiyot) instituti bitiruvchisi sifatida bunga guvohlik bera olaman.

Aslida qizlarning xunugi o'ta kam bo'ladi. Har birida o'ziga yarasha go'zallik bo'ladi. Xunuk deb bilishlik oyatlarga ham teskari. Faqatgina buni seza olish uchun, shunchaki solishtirishni to'xtatish kerak.

Muammoning o'tkirligi shu yerda. Ekran orqali butun dunyo ayollarini ko'rish mumkin zamonda o'rtacha yigit buni qanday qila oladi?

Shu solishtirish musobaqasi sabab bo'ydoq yigitlar bir narsani unutib qo'yadi: Shahvat ham ehtiyoj. Ko'zni tiysa, uchrashgan qizlarining 10 foizi emas, 90 foizi yoqa boshlaydi. Natijada nomzoddagi boshqa sifatlarga ham e'tibor bera oladi.

Muallifning kursdoshlari, sinfdoshlari, tanishlari orasida o'zlari tanigan eng chiroyli qizga uylanganlar bor edi. Axloqdagi nuqsonlar, ogohlantirishlarga e'tibor berishmadi. Balki shu solishtirish musobaqasiga aldanishgandir. Aksarlari eng baxtli oilalardan bo'lishmadi.

Chiroy ham suv kabi ekanligini bilishmas edi shekilli.
Chiroy yo'q bo'lsa bilinadi, ko'paygani sari samarasi tushib boradi.
#129 · Uchta filtr

Uchta filtr: kontekst, prinsip, kelishish

19.03.2026 · Mehmet Fotihning otasi misolida

Yaxshilab o'ylab qarasak, dindorlik ana shu muammolarning uchalovini ham yechadi. Qadriyatlariga amal qiladigan va tarixini biladigan odamlar birlashsa, katta ishlarni qila olishadi. Dinlari bitta bo'lgani sabab, kelishishlari ham oson bo'ladi.

Qayerda o'qiganimni eslay olmadim — Mehmet Fotihning otasi uylanishidan oldin shart e'lon qilgan ekan. Ya'ni, bo'lajak kelin, sarkardaning onasi bo'lishga tayyorgarlik ko'rishi kerak bo'lgan. Maqsadni e'lon qilish orqali ota mahbus dilemmasini osongina yecha olgan.

Bo'lajak kelin fath nimaligini bilishi kerak (umumiy kontekst), shuni muhim deb bilishi kerak (prinsip), va shu maqsadda eriga itoat qilishi kerak (kelishish osonligi).
Uchta filtr birlashganida

Bu uchta narsa bitta odamda yig'ilsa, oila katta yutuqlarga qodir bo'ladi. Tarixdagi eng kuchli ittifoqlar va sherikchiliklar — aka-uka Raytlar, Buffet va Manger, er-xotin Kyurilar, aka-aka Durovlar — hammasida ham shu uch komponent bor edi. Bittasi yetmaganda esa yo'l bo'linadi.

#85 · Yetarlilik logikasi

Yoqish kerakli, lekin yetarli emas

16.10.2025

Muallifning yonida bo'ydoqlar ko'payib qoldi.

Kuzatuvim aytayaptiki, yoshlarning ko'pi asosiy o'ringa yoqtirishni qo'yishyapti.

Yoqish kerakli omil, lekin yetarli emas.

Masalan, ruslarda deyarli 50% turmushlar muhabbat ustiga quriladi. Deyarli hammasi o'zi istagan odam bilan yashashadi. Shunda ham oxir-oqibat 10 tadan 7 ta oilalar ajrashib ketadi.

Anna Kareninada Tolstoy mashhur so'zlarini yozgandi — baxtli oilalarning hammasi bir xil. Baxtsizlari esa turli sabablar bilan baxtsiz. Tolstoy oila baxtli bo'lishi uchun bir-biriga yoqishdan tashqari, juftlar asosiy masalalarda bir xil fikrlashlari zarurligini nazarda tutadi.

Asosiy masalalar — kelishish kerak bo'lgan oltita

Eng baxtli oilalarni kuzatsak, ular muhim masalalarda bir xil fikrlashlarini ko'ramiz. Mana shu bir xillik oxiri muhabbatga olib borishini ko'ramiz.

1. Pul  ·  2. Kelajak rejalar  ·  3. Farzand tarbiyasi  ·  4. Oila a'zolari  ·  5. Din  ·  6. Yashaydigan makon

Shularning birortasida kelisha olmaslik esa oilada doimiy stress olib keladi.

#35 · Trophy wife va hech kim bilmasa

Hech kim bilmaganida nima qilgan bo'lardingiz?

28.04.2025

Hayotimizdagi eng muhim qarorlarda javob tez kelmaydi. Do'st, ish, umr yo'ldosh, yashashga shahar tanlashda shunday. To'g'ri javobni o'n yillar o'tib bilamiz. Tanlovda adashgan bo'lsak, ko'pincha to'g'rilashga ham kech qolgan bo'lamiz.

Yaqinimizga bir qizga uylanishlari kerakligini ko'p aytdik. Bir-birlariga mos ekanliklarini takrorladik. Harakatni boshlamadilar. Sovchilar ko'payib ketganidan keyin tushundilar. Faqat unda kech bo'lgan edi.

Yoshlar orasida telefoni va kiyimi bilan maqtanish oddiy hol. Institutda o'qish paytimda ikkita voqea e'tiborimni tortgandi. Ikkalovida ham kursdoshlarimiz bo'lajak/amaldagi rafiqalarining rasmini ko'rsatib, maqtanmoqchi bo'lishgandi. "Qara, chiroyli-ku a? Nima deysan?"

Ichkaridan ovoz keladi: "O'zingga yoqqani yetmaydimi? Yashaydigan sen-ku."

Ulg'ayib tushunib yetdim. Trophy wife tushunchasi bor ekan. Sevimli muallifmiz Veblenga ishonadigan bo'lsak, bu maqtanish uchun uylaniladigan ayol. Maqtanish uchun erga tegiladigan erkak (trophy husband). Bu holatda hamrohimiz bizga yoqqanidan, atrofga ko'proq yoqishi kerak bo'ladi.

Turmush o'rtog'imizni ko'rsatishga harakat qilamizmi? Yoki berkitishga? Do'st ekanligimizni hammaga yoyib yuramizmi? Yoki ularni olmosdek asraymizmi? Kim uyidagi xazinani olib chiqib maqtanadi? Faqat ikkita holatda shunday bo'lishi mumkin:

1. Bu xazina maqtanish uchun olingandi.
2. Maqtanayotganimiz haqiqiy xazina emas edi.

Qarorimiz haqida o'zimizdan boshqa hech kim bilmaganida nima qilgan bo'lardik?
#19 · Avval yiqilmaslik

Qasos, inversiya, tarbiya umidi

Bir necha amaliy ogohlantirish

Qasos haqida

Yoshlikda kimdir xafa qilgandir. Mensimagandir. Sovchingizga yo'q degandur. Bitta-bitta qasos olish shart emas.

Yaxshi yashash eng katta qasos bo'ladi.

Inversiya prinsipi

Nima qilish haqida maslahat olib, nimadan qochish haqida maslahatlar olmaslik.

Kimga uylanish haqida maslahat olib, kimga uylanmaslik haqida so'ramaslik.

Qaysi ishlarni qilish haqida so'rab, qaysi ishlarni qilmaslik haqida so'ramaslik — ikkalovi ham xato.

"Tarbiya qilib olaman" sarobi

Ba'zilar soddalik qilib, yengiltak bo'lsa ham, uylanib olsam tarbiya qilib olaman deb o'ylaydi.

Bir mashhur qori aka shunday qilgandi ham. Qarindoshimiz unga quda bo'lgani uchun bilaman.

Yigirma yil o'tdiki, tarbiya samara bermadi.

#42 · Yigirma yil testi

Yigirma yil testidan o'tmagan munosabat

Bir odam bilan 20 yildan keyin ham vaqtimizni o'tkazishni ko'rmayotgan bo'lsak,
hozir ham o'tkazmay qo'ygan ma'qul.

Uylanmaydigan qizimiz bilan ortiqcha gaplashib nima qilamiz?

Gaplashmaydigan tilimizni o'rganishda nima foyda? O'zi yil sayin yana yangi do'st topish ehtimolimiz pasayib borsa.

Boshqa madaniyat · Bir xil g'oya

Naval Ravikant — qisqa javob

Reddit AMA · 2019

Aziz Rahimov 23-inshosida hakam ichkarida bo'lsin deb yozgan. Yetti yil oldin, butunlay boshqa madaniyatda, Naval Ravikant degan amerikalik tadbirkordan xuddi shu savol so'ralgan ekan. Javobi bitta jumlada keldi.

ronster9287y ago

Relationship advice? How do you know when you have found the right woman?

naval6y ago

When you don't have to ask anyone else.

Boshqa til, boshqa madaniyat — xuddi shu javob. To'g'ri tanlovning belgisi: tashqi tasdiqqa muhtoj emas. Sovchining, do'stning, ota-onaning yoki Instagramning roziligi ortidan yugurish kerakmas bo'ladi. Ichkaridagi hakam allaqachon hukm chiqargan.

Bir tarafda — Toshkentda yashagan o'zbek essayist. Boshqa tarafda — Silikon Vodiyda yashagan hind-amerikalik milliarder. Ikkalovi bir-birlarini o'qishmagan. Lekin bitta xulosaga kelishgan. Shuning uchun ham bu xulosa universal bo'lsa kerak.

Manba: r/NavalRavikant — Ask Me Anything ↗
Sintez

Butun mental model

Dunyoqarashga qarab tanla, tashqi ko'rinishga emas. Prinsiplar + umumiy kontekst — bular romantikadan oldin filtr bo'lishi kerak.

Hakam ichkarida bo'lsin, tashqarida emas. Hech kim bilmaganida ham shu qarorni qilarmidim? — savol bo'lib turaversin.

Kichkina kutuvlar. Ro'yxat tuz, ro'yxatdagiga rozi bo'l. Cheksiz solishtirishni to'xtat.

Yoqish kerakli — lekin yetarli emas. Yetarli shart: pul, kelajak, farzand tarbiyasi, oila, din, makon — oltovida bir xil fikrlash.

Keyin esa optimizatsiyani to'xtatib, yashashni boshlash.

Agar faqat uchta inshoga vaqting bo'lsa:
#23 → #85 → #140
Kuzatuvlar · Yetarlilik · Ro'yxat
Sovg'alar

Shu yergacha kelibsiz-a? Gap yo'q!

Ma'qul kelganidan juda xursandmiz.

Sizga yana ikkita sovg'amiz bor. Hayotning boshqa taraflari haqida ham qalam tebratganmiz.

🎧

Ikkinchi sovg'a: har bir inshoning audiosi

ustozimizning ovozi siz bilan

@parallel_muhit Telegram kanalida har bir insho audio ko'rinishda chiqib boradi. Yo'lda, mashina rulida, idish yuvayotganda — ustozimizning ovozi siz bilan.

Oxirgi taklif

Parallel Muhitga qo'shiling

O'qiganingiz bir parcha. Davomi pullik muhitda.


Ijodimizdan bir parcha ko'rdingiz. Bundan tashqari, yashashingizni qiyinlashtiradigan, lekin oxiri hayotingizni osonlashtiradigan yuzlab g'oyalar haqida Parallel Muhitda gaplashganmiz.


Siz ham muhitimizga qo'shiling.

Ha, bu pullik. Lekin arzish-arzimasligiga siz baho berasiz.

Yuqoridagi 17 ta inshoni o'qib ko'ring. Yoqsa — obunani bot orqali boshlang.

Muhitimizda kutamiz. Rahmat.

Obuna bo'laman t.me/parallelmuhit_bot
Aziz Rahimov · parallelmuhit.uz